Amaliy qo'llanmalar
Ko'p beriladigan savollarga sodda javoblar. Har biri amaliyotda ishlaydigan qoidalar.
01Avtomat qanday tanlanadi?
Uchta raqam bir qatorga tushishi kerak: yuk toki ≤ avtomat nominali ≤ kabel chidami.
- Avval yuk tokini hisoblang (Kalkulyator → Tok hisobi).
- Kabel kesimini tanlang va uning ruxsat etilgan tokini toping.
- Shu ikkisining orasiga tushadigan standart nominalni oling: 6, 10, 16, 20, 25, 32, 40, 50, 63 A.
Agar avtomat kabel chidamidan katta bo'lsa — qisqa tutashuvda avtomat emas, sim kuyadi. Bu eng ko'p uchraydigan xato.
Xarakteristika: uy va yoritish uchun C, motor va katta ishga tushish toki bo'lgan yuk uchun D, elektronika uchun B.
02UZO nima uchun kerak?
Avtomat simni himoya qiladi, UZO esa odamni. UZO kirayotgan va chiqayotgan tokni solishtiradi; farq paydo bo'lsa (tok odam orqali yoki nam devor orqali oqib ketsa) — tarmoqni uzadi.
- Odam himoyasi uchun 30 mA.
- Hammom, nam xona, ko'chadagi rozetka uchun 10 mA.
- Yong'indan himoya uchun umumiy kirishga 100–300 mA.
UZO nominal toki oldidagi avtomatdan bir pog'ona katta bo'lishi kerak: masalan 25 A avtomat uchun 32 A UZO.
Differavtomat — avtomat va UZO bitta korpusda. Joy kam bo'lganda qulay.
03Kabel kesimini qanday tanlash kerak?
Ikki shart tekshiriladi va kattarog'i olinadi:
- Qizish bo'yicha — PUE 1.3.4 (mis) va 1.3.5 (alyuminiy) jadvallari.
- Kuchlanish yo'qotilishi bo'yicha — uzun liniyalarda hal qiluvchi. Chegara odatda 5 %.
Uy uchun amaliy qoida: yoritish 1,5 mm², rozetka 2,5 mm², plita va konditsioner 4–6 mm², kvartira kirishi 6–10 mm² (mis).
Bino ichida alyuminiyni 16 mm² dan kichik qilib qo'llamang.
04Shitni qanday yig'iladi?
Tartib yuqoridan pastga: kirish avtomati → hisoblagich → umumiy UZO → guruh avtomatlari. Nol va yer uchun alohida shinalar.
- Guruhlarni ajrating: yoritish, rozetka, oshxona, hammom, konditsioner.
- Har bir guruh o'z avtomati bilan — nosozlik butun uyni o'chirmasin.
- Modul sonini 20–30 % zaxira bilan oling.
- Har bir avtomatni markirovka qiling. Bir yildan keyin o'zingiz ham eslay olmaysiz.
Simlarni nakonechnik bilan qisish shart — yalang ko'p tomirli simni vint ostiga qo'yish qizishga olib keladi.
05Xonaga nechta LED chiroq kerak?
Hisob nur oqimi (lyumen) bo'yicha yuritiladi, vatt bo'yicha emas.
- Yashash xonasi va oshxona — 150 lk, yotoqxona — 100 lk, ish kabineti — 300 lk, do'kon zali — 300 lk, yo'lak — 50 lk.
- Kerakli nur = yoritilganlik × maydon. So'ng bitta chiroq nuriga bo'linadi.
- Foydalanish koeffitsienti: och rangli xona 0,8, o'rtacha 0,7, to'q rangli 0,6.
Bitta kuchli chiroq o'rniga bir nechta kichigi qo'yilsa, soya kamayadi va yorug'lik tekis taqsimlanadi. Aniq hisob uchun — Kalkulyator → Yorug'lik.
06Quyosh panelida nimaga e'tibor beriladi?
Tizim to'rt qismdan iborat: panel → kontroller/inverter → akkumulyator → yuk. Eng ko'p xato akkumulyator sig'imini kam olishda bo'ladi.
- Kunlik iste'molni kVt·soatda hisoblang, so'ng panel quvvatini tanlang.
- DC tomonda ham himoya kerak: DC avtomat va UZIP (chaqmoqdan himoya).
- Panellarni ketma-ket ulaganda kuchlanish, parallel ulaganda tok qo'shiladi — inverter chegaralarini tekshiring.
- Kabelni tashqi muhitga chidamli (UV) turdan oling.